Qozog‘iston Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilandi

Joriy yilning 2-noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi hukumati delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.Sklyar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv chog‘ida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport va logistika sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada mustahkamlash va kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha o‘zaro aloqalarning borishi atroflicha ko‘rib chiqildi - mashinasozlik, agrosanoat majmuasi, chorvachilik, yengil, farmasevtika va oziq-ovqat sanoati sohalarida ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma investitsiyaviy loyihalari sonini ko‘paytirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.

Muzokaralar kun tartibi doirasida ikki tomonlama savdo-sotiqning yanada o‘sishini ta'minlash, uning tarkibini diversifikatsiya qilish, shuningdek, iqtisodiy hamkorlikning yangi uzoq muddatli shakllarini, jumladan, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida e'tibor qaratildi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘yilgan vazifani faqat ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining o‘zaro savdo, bojxona qoidalari va standartlarini soddalashtirish va muvofiqlashtirish, bojxona axborot tizimlarini integratsiyalash, zamonaviy logistika markazlari qurish, chegara punktlarini rekonstruksiya qilish va zamonaviylashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan ishlarni olib borish orqali amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.

Shu nuqtai nazardan, “Markaziy Osiyo” Xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini (XSIHM) yaratish bo‘yicha birgalikdagi amaliy ishlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tovarlarni uzluksiz yetkazib berish, tranzit salohiyatini oshirish va o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari va idoralari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar Rejasini ("Yo‘l xaritasi") o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish uchun zarur choralar ko‘rishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, ushbu sohada mavjud masalalarni ko‘rib chiqish va o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport infratuzilmasini takomillashtirish va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli takliflarni ishlab chiqish uchun muntazam ravishda ikki tomonlama ekspert maslahatlashuvlari tashkil etiladi.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi Hududlararo hamkorlik forumi va Ishbilarmonlar kengashi imkoniyatlaridan faol foydalanish hamda xususiy sektorni ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga faol jalb qilish haqida fikr bildirdilar.

Transport kommunikasiyalarini rivojlantirishda strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashning ustuvor ahamiyati alohida ta'kidlandi. Havo yo‘llari orqali tashishning qayta tiklanishi ijobiy baholandi. O‘zbekiston va Qozog‘iston yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, Turkiston – Shimkent – Toshkent tezyurar temir yo‘li hamda “Uchquduq – Qizilo‘rda” transport yo‘lagi qurilishi muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida energetika, ta'lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Qayd etish kerakki, uchrashuv oldidan tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, ikkala mamlakatning bir qator viloyatlar rahbarlarining ekspert uchrashuvi o‘tkazilib, unda hamkorlik loyihalari atroflicha tahlil etildi va ularni jadallashtirish bo‘yicha aniq harakatlar belgilandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha har ikki mamlakat Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari yakuniy bayonnoma, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi sohasida 22ta aniq loyihalarni amalga oshirishni ta'minlashni nazarda tutgan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar Rejasini (“Yo‘l xaritasi”) qabul qildilar. Shuningdek, ushbu “Yo‘l xaritasi” yangi investitsiya loyihalarining ishlab chiqilishiga qarab, ularni o‘z ichiga olish hisobiga doimiy ravishda yangilanib turilishiga kelishib olindi.

Imzolangan hujjatlar ijrosinining muntazam monitoringini olib boradigan va ularning to‘liq ijrosini ta'minlash yuzasidan aniq takliflar kiritadigan qo‘shma ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Manba