Mustafo Akyol: Buxoro deklaratsiyasi plyuralizm va din erkinligini qo‘llab-quvvatlashda alohida ahamiyat kasb etadi

Toshkentda "Deklaratsiyalar muloqoti" II xalqaro forumi doirasida turkiyalik jurnalist va yozuvchi Mustafo Akyol 2022-yilda Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi forum doirasida qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasining alohida ahamiyatini e’tirof etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda har bir insonning fikrlash, vijdon va din erkinligi huquqi mustahkamlangan.

M.Akyolning ta’kidlashicha, Buxoro deklaratsiyasida davlat institutlari va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi muvozanatga asoslangan dunyoviylik g‘oyasi qo‘llab-quvvatlangani alohida ahamiyat kasb etadi. "Bu demokratik institutlar va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatga asoslangan e’tiborga loyiq yondashuvdir," - dedi ekspert.

Eslatib o‘tamiz, Forum SMTI tomonidan Amerikaning "Love Your Neighbor Community" (LYNC) nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.

Unda AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Markaziy Osiyo davlatlari kabi 15 ta davlatdan 50 ga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotshunos, ekspert va yuqori martabali shaxslar ishtirok etmoqda.