O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va Mintaqalararo Tadqiqotlar Instituti vakillari va Daniya delegatsiyasi o’rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi

Joriy yilning 27-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti xodimlari va Piter Jensen boshchiligida Daniyaning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Parlamenti Assambleyasidagi vakillari delegatsiyasi o’rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida, xorijiy delegatsiya vakillari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan munosabatlarga yo’naltirilgan tashqi siyosat tamoyillari va yondashuvlari bilan tanishdilar.

Shuningdek, mehmonlar mamlakatimiz hayotida ro’y berayotgan o’zgarishlarni yuksak baholagan holda, O'zbekistonning so'nggi yillarda davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, inson huquqlarini ta'minlash va ekstremizmga qarshi kurash borasida bir qator muhim qarorlar qabul qilganini alohida qayd etib o’tdilar.

Delegatsiya vakillari "Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng ko’p aholi istiqomat qiluvchi va betakror jug’rofiy joylashuvga ega O’zbekistonning Yevropa va Osiyo o’rtasidagi ko’prik vazifasini bajarayatganini “hamda islohotlarning mamlakatning xalqaro maydonda obro’sini oshirishga qaratilganini ta’kidlashdi.

Uchrashuv yakunida, O'zbekiston va YXHT o’rtasidagi hamkorlikning sezilarli darajada jadal rivojlanib borayatganligiga urg’u berilib, Daniya vakillari ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.