O'zbekiston va Janubiy Koreya konferentsiyasi

Joriy yilning 30 noyabr kuni Toshkent shaxrida "O'zbekiston va Janubiy Koreya: kelajakka nigoh" mavzuida konferentsiya bo'lib o'tdi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va Mintaqalararo Tadqiqotlar Instituti hamda Koreya Respublikasi Hanyan Universiteti huzuridagi Osiyo-Tinch Okeani Tadqiqotlari Markazi tomonidan tashkillashtirildi.

Anjumanning asosiy maqsadi O'zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini tahlil qilish, shuningdek, ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo'yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratildi.

Muhokama chog'ida tomonlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yilning noyabrida Koreya Respublikasiga qilgan tashrifi O'zbekiston-Koreya munosabatlarini har tomonlama rivojlantirishga kuchli turtki bo'lganligini takidlashdi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat o'rtasida iqtisodiyot, savdo, logistika, energetika, innovatsion texnologiyalar, moliya-bank va boshqa sohalardagi siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash muhimligiga urg’u berildi. Tomonlar xalqaro maydonda bir-birlarini qo'llab-quvvatlashga bo'lgan ehtiyojni ko'rsatib, o'zaro siyosiy va diplomatik sa'y-harakatlar va manfaatlarni ilgari surishda muhim ahamiyatga egaligini takidlashdi.

Tadbir ishtirokchilari O'zbekiston va Janubiy Koreya o'rtasida fan, ta'lim va madaniyat sohasidagi hamkorlik masalalariga ham to'xtalib o'tishdi. Ularning fikricha ushbu yo'nalish ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim omil bo'lmoqda.

Tadbir yakunida, tomonlar, O'zbekiston-Janubiy Koreya ko'p qirrali hamkorligini mustahkamlash uchun ekspertlar ko'magini taqdim etish maqsadida ikki mamlakat tahliliy markazlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha kelishuvga erishdi.

O'zbekiston va Janubiy Koreya etakchi tadqiqot-tahliliy markazlari o'rtasidagi ushbu muloqot ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarida, ya'ni savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va aloqa, madaniy va gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratishmoqda. Tadbirdan so'ng "Koreya-O'zbekiston: kelajakka nigoh" nomli qo'shma tadqiqot hisoboti va amaliy takliflar va tavsiyalar tayyorlanadi.