Shayx Abdulloh bin Bayya: "O‘zbekiston tarix ruhi bilan sug‘orilgan, ilm-fan xazinalari bilan porlayotgan zamini"

2025-yil 10-sentyabr kuni Toshkentda o‘tkazilayotgan "Deklaratsiyalar muloqoti" nomli Ikkinchi xalqaro forum doirasida Birlashgan Arab Amirliklari Fatvo kengashi raisi shayx Abdulloh bin Bayya tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo’lladi. U o‘z nutqida O‘zbekistonning mezbon mamlakat sifatidagi rolini yuqori baholab, xalqaro deklaratsiyalarning dinlararo tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashdagi muhim ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Shayx Abdulloh bin Bayya O‘zbekiston zaminida asrlar davomida Buxoro, Samarqand va Xiva singari noyob ilm-fan va madaniyat sivilizatsiya markazlari shakllanganini ta’kidlab o‘tdi. U butun dunyoga mashhur allomalar al-Buxoriy, Ibn Sino va al-Xorazmiyning insoniyat tafakkuri rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda jahon merosini boyitishdagi alohida o‘rniga e’tibor qaratdi.

Uning aytishicha, Birlashgan Arab Amirliklari O‘zbekiston rahbariyatining tinchlik va bag‘rikenglik qadriyatlarini targ‘ib qilish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ma’ruzachi diniy ozchiliklarni hurmat qilish umuminsoniy tamoyil ekanligini ta’kidlab, konfessiyalararo muloqotni takomillashtirish va e’tiqod erkinligini ta’minlashga intilish barcha millatlarning umumiy maqsadi ekanligini alohida qayd etdi.

Shu nuqtayi nazardan, yuqori martabali mehmon joriy Forumning xalqaro hamjamiyatni konfessiyalararo konstruktiv hamkorlikni mustahkamlash, diniy ta’limni rivojlantirish, siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek diniy guruhlarning yakkalanib qolishi va mojarolar kelib chiqishining oldini olish masalalarida jipslashtirishdagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Forum SMTI tomonidan Amerikaning "Love Your Neighbor Community" (LYNC) nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.

Unda AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Markaziy Osiyo davlatlari kabi 15 ta davlatdan 50 ga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotshunos, ekspert va yuqori martabali shaxslar ishtirok etmoqda