Shveytsariya diplomatlari bilan uchrashuv

SMTIda Shveytsariya Tashqi ishlar vazirligining suv masalalari bo’yicha maxsus vakili G.Bonvin va Shveytsariyaning Muvaqqat ishlar vakili D.Petter bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Muloqotda suv resurslaridan foydalanish va Markaziy Osiyo mamlakatlariga suvni tejash texnologiyalarini jalb qilish bo'yicha mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda G.Bonvin Shveytsariyaning transchegaraviy suv bilan ishlash sohasida ko'p yillik tajribaga ega ekanini ta'kidladi va Markaziy Osiyo mamlakatlariga bu yo'nalishda yaqindan yordam berishi va qo'llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanligini ta’kidladi. Xususan, ayni shu maqsadda Shveytsariya tomoni transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqdi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish va Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta'minlashning yangi umumiy qarashlarini ishlab chiqish masalalarini ham ko'rib chiqdi. Shu munosabat bilan G.Bonvin Shveytsariya, Jahon banki va Yevropa Ittifoqi ko'magida mintaqa mamlakatlarida tajriba almashish uchun bir qator tadbirlar o’tkazishni taklif etdi.

Muloqot so’nggida tomonlar Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasida ikki tomonlama va ko'p tomonlama hamkorlikni davom ettirish niyatini bildirdilar.