SMTI va CIPR o’zaro ekspert hamkorligini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

2025-yilning 24-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Qatar Xalqaro siyosat tadqiqotlari markazi (CIPR) vitse-prezidenti Rashid Al-Mohanadiy bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining yuqori darajasi va jadal rivojlanishini ta’kidlab, bu munosabatlar so‘nggi yillarda barqaror strategik tus olganini qayd etishdi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi faol siyosiy muloqot va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik siyosiy, iqtisodiy, investitsiya va gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish uchun zamin yaratayotgani alohida qayd etildi.

Uchrashuv ishtirokchilari SMTI va CIPR o‘rtasidagi ekspertlik aloqalarini mustahkamlashga e’tibor qaratdilar. 2026-yilga mo‘ljallangan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Shuningdek, dekabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan Doha forumidan so‘ng "aql markazlari" o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Ushbu hamkorlik doirasida tomonlar kelgusidagi ishlar uchun asos bo‘ladigan o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolashga tayyorliklarini ta’kidladilar. Xususan, muntazam davra suhbatlarini uyushtirish, birgalikdagi tadqiqotlarni amalga oshirish, shuningdek, nashrlar va tahliliy materiallar bilan almashish ko‘zda tutilmoqda.

Suhbatdoshlar mintaqaviy o‘zaro bog’liqlik masalalarini ham muhokama qilib, 2026-yilda o‘tkaziladigan "Termiz muloqoti"ning ikkinchi yig‘ilishida Arab ko‘rfazi mamlakatlari ekspertlari ishtirokining ahamiyatini qayd etdilar. Toshkentning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha tashabbusining muhimligini e’tirof etgan holda, Rashid Al-Mohanadiy "O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Bu mamlakatning barqarorligi butun mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega",- deya takidladi.

Suhbat yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, ekspertlik aloqalarini mustahkamlash va 2026-yilda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

CIPR - Dohada (Qatarda) joylashgan, Arab ko‘rfazi mintaqasidagi iqtisodiyot, siyosat, energetika va xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan yetakchi tahlil markazi hisoblanadi.

Markaz faoliyati loyiha va media mahsulotlari orqali Arab ko‘rfazi bo‘yicha muhim masalalarda yetakchi tadqiqot va munozara platformasini shakllantirishga qaratilgan. U mintaqaviy xususiyatlarni inobatga olgan holda davlat va xususiy tashkilotlar uchun amaliyotga yo‘naltirilgan tahliliy materiallar hamda strategiyalarni ishlab chiqadi.