Joriy yil 19-martda SMTIda BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi (TQKB) dasturlarini boshqarish bo‘yicha katta maslahatchisi Mehdi Knani boshchiligidagi ekspertlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar terrorizmga qarshi kurash sohasidagi samarali hamkorlikni qayd etdilar. Shu nuqtayi nazardan, repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish, shuningdek, terrorizm maqsadlarida yangi texnologiyalardan foydalanishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Amalga oshirilayotgan dastur va loyihalarning ko‘lami O‘zbekiston Respublikasi va BMT TQKB o‘rtasida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan "Yo‘l xaritasi" hamda SMTI va BMT TQKB o‘rtasidagi memorandum doirasidagi qo‘shma ishlarning mantiqiy natijasi ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuv ishtirokchilari hamkorlikning kelgusi ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, "Global terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi – BMT" loyihasini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
"Global terrorchilik tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi-BMT" dasturi 2022-yilda BMT TQKB tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida mamlakatlarga terrorchilik va ekstremistik tahdidlarga qarshi kurashda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida ishga tushirilgan. Bugungi kunda 10 dan ortiq mamlakat dasturning benefitsiarlari hisoblanadi.