Yusuf Aldobey: Bizning munozaralarimiz kelgusi avlodlar uchun yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq bo‘ladi

Joriy yilning 10 sentyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi doirasida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi o‘rinbosari Yusuf Aldobey so‘zga chiqib, mazkur tadbirning ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

Uning aytishicha, forum o‘tkazish tashabbusi O‘zbekistonning muloqotni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va dinlararo totuvlikni ta’minlashga sodiqligini namoyon etadi.

Yusuf Aldobey O‘zbekiston rahbariyatining turli konfessiyalar o‘rtasida ochiq va tinch-totuv yashash muhitini shakllantirish borasidagi qarashlariga alohida e’tibor qaratdi. U bugungi kunda “diniy bag‘rikenglikning yemirilishi” sharoitida bunday yondashuv yanada dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

IHT Bosh kotibi o‘rinbosari e’tiqod erkinligi hamda dinlar va madaniyatlar o‘rtasidagi uyg‘unlik masalalari bo‘yicha muloqot va fikr almashish uchun ushbu platforma ayni muddao ekanligini bayon etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu forum har bir ovozning eshitilishi uchun noyob imkoniyat yaratadi”.

Shuningdek, Yusuf Aldobey forum maqsadlari IHTning 2025 yilgacha mo‘ljallangan harakatlar rejasiga to‘liq mos kelishini, jumladan, diniy e’tiqod erkinligini qo‘llab-quvvatlash, muloqot va hamkorlik orqali dinlararo totuvlikni rivojlantirish hamda qabul qilingan deklaratsiyalarni amalda joriy etishni alohida qayd etdi.

IHT Bosh kotibi o‘rinbosari Toshkentdagi muhokamalar aniq tavsiyalar ishlab chiqilishiga, samarali nazorat mexanizmlarini yaratilishiga va xalqaro hamkorlikni mustahkamlanishiga olib kelishiga ishonch bildirdi. 

– O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ushbu munozaralarimiz kelajak avlodlar uchun mayoq bo‘lib xizmat qiladi va o‘zaro tushunish, hamkorlik, tinchlikni targ‘ib etadi, - dedi u o‘z nutqida.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘in SMTI tomonidan AQSHning “Love Your Neighbor Community” (LYNC) nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda Din ishlari qo‘mitasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.