SMTIda Bangladeshning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 6-martda SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev Bangladeshning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Monirul Islom bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekiston-Bangladesh munosabatlarining joriy holati va istiqbollari bo‘yicha fikr almashib, mintaqaviy hamda xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Fursatdan foydalanib, Baxtiyor Mustafoyev oliy martabali diplomatni 26-mart kuni nishonlanadigan Bangladesh Xalq Respublikasining Mustaqillik kuni bilan tabrikladi hamda ikki tomonlama hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

O‘z navbatida, Muhammad Monirul Islom so‘nggi paytlarda O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashib, yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Davlatlararo hamkorlikning samarali mexanizmlari yaratilganligi qayd etildi. Siyosiy maslahatlashuvlar, parlament guruhlari yig‘ilishlari va hukumatlararo komissiya majlislari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan iborat. Shu nuqtayi nazardan,, tovar ayirboshlash hajmi 2019-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 36 foizga o‘sgani (2024-yilda 38 million dollardan 51,58 million dollargacha) qayd etildi. O‘tgan davrda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan Bangladesh kompaniyalari soni 10 baravarga (50 dan ortiq) ko‘paydi.

Hamkorlikning amaliy jihatlariga e'tibor qaratib, tomonlar iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini oldini olish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish, kambag‘allik darajasini pasaytirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro aloqadorligini mustahkamlash kabi sohalarda tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni davom ettirish va ilmiy-tadqiqot hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Ishtirokchilar tahliliy tuzilmalar o‘rtasidagi sheriklik O‘zbekiston-Bangladesh aloqalarini mustahkamlash uchun yangi g‘oyalarni ishlab chiqishga hissa qo‘shishini ta’kidlab o‘tdilar.