2025-yilning 12-mart kuni SMTI direktori Eldor Aripov Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja va uning o‘rinbosari Adrian Mixay Xarmat bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalarning keng doirasini muhokama qildilar. Yojef Roja Vengriya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkorlaridan biri deb bilishini alohida ta’kidladi. U so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etib, buning isboti sifatida barcha sohalardagi munosabatlarning jadal rivojlanib borayotganini ko‘rsatdi.
Muzokaralarning muhim mavzularidan biri madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalasi bo‘ldi. Energetika, farmatsevtika, biotexnologiyalar, moliya, tibbiyot va boshqa sohalarda ta’lim hamda kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Vengriyalik diplomat o‘zbekistonlik talabalar uchun "Hungaricum Stipendium" stipendiya dasturining joriy etilishi bu yo‘nalishda muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi. 2020-yildan boshlab mazkur dastur doirasidagi grantlar soni 30 tadan 170 taga yetkazildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasidagi faol hamkorlikni davom ettirish, jumladan, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, tajriba almashish va o'quv treninglarini tashkil etish istagini bildirdilar.