SMTIda davra suhbati

Hindiston Bosh vazirining milliy xavfsizlik masalalari bo'yicha maslahatchisining o'rinbosari P.Saranning Toshkentga tashrifi doirasida SMTIda "O'zbekiston-Hindiston: xavfsizlik sohasida hamkorlik istiqbollari" mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbirda Xalqaro munosabatlar Axborot-tahlil markazi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari, shuningdek, Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida tomonlar O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilishdi. Shuningdek Afg'onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Ta'kidlanishicha, O'zbekiston-Hindiston hamkorligi yangi bosqichga ko’tarilishiga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga 2018 yil oktyabr oyida amalga oshirgan birinchi davlat tashrifi katta turtki berdi. Shuni aytish joizki uning natijasida turli sohalarda 20 ga yaqin bitimlar imzolangan.

Shu yilning yanvar oyida Samarqandda bo’lib o’tgan "Hindiston - Markaziy Osiyo" dialogining birinchi vazirlar uchrashuvi mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Prezident SH.Mirziyoyevning 9-“Joʻshqin Gujarat” xalqaro investitsiya sammitida ishtiroki O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi o'zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish bo'yicha boshlangan muloqotning mantiqiy davomi bo'ldi.

Shuni alohida qayd etib o’tish kerakki, bugungi kunga SMTI to'rtta hind tahlil markazlari bilan hamkorlik qilmoqda: Hindistonning Mudofaa tadqiqotlari va tahlillari instituti, Hindistonning harbiy tadqiqotlar instituti, Xalqaro Vivekananda jamg'armasi va Hindiston tashqi ishlar kengashi shular qatoridandir.

O'zbekiston va Hindistonning tahlil markazlari o'rtasidagi hamkorlik kun tartibidagi mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo'yicha doimiy ravishda ekspert muloqoti olib borishda muhim ahamiyat kasb etadi.