President.uz: O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezidentlar joriy yil 14-15-iyun kunlari Bishkek va Dushanbe shaharlarida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammiti tadbirlari yakunlari yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ustuvor loyiha va dasturlarni, jumladan, joriy yil 30-may kuni Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiya birinchi majlisida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikka doir dolzarb masalalarni ham muhokama qildilar.