President.uz: Shavkat Mirziyoyev «Rosatom» korporatsiyasi bosh direktorini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Rossiyaning "Rosatom" atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi O‘zbekiston-Rossiya o‘zaro manfaatli hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish doirasida ilg‘or texnologiya va bilimlarni jalb etgan holda mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida "O‘zatom" agentligi tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha o‘n yilga mo‘ljallangan konsepsiya qabul qilingan.