President.uz: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiyaning «LUKOYL» kompaniyasi rahbarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni "O‘zbekiston nefti va gazi" xalqaro ko‘rgazmasi tadbirlarida ishtirok etish maqsadida mamlakatimizda bo‘lib turgan «LUKOYL» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatimiz neft-gaz tarmog‘ida yetakchi bo‘lgan ushbu Rossiya kompaniyasi bilan samarali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida qayd etdi.

Bugungi kunda "LUKOYL" kompaniyasi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarga kiritgan investitsiyalar hajmi 7,5 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.

O‘tgan yil aprel oyida ishga tushirilgan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi loyiha quvvatiga chiqdi. "Hovuzak" va "Shodi" konlari, shuningdek, Janubi-G‘arbiy Hisor konlari o‘zlashtirilmoqda.