SMTIda YXHT delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 3-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga YXHTning Nizolarni oldini olish markazi direktori Ketrin Feron boshchilik qildi. Unga Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i Lillian Lengford, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Antti Karttunen, Shveysariyaning YXHTdagi doimiy vakili elchi Rafael Negeli va Finlyandiyaning YXHTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Mari Neuvonen hamrohlik qildilar.

Suhbat chog‘ida tomonlar terrorizm, ekstremizm va radikallashuvning kuchayishi kabi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Markaziy Osiyo va Afg‘onistondagi bugungi vaziyatga ham alohida e’tibor qaratildi.

Yevropa tomoniga O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro ishonchni mustahkamlash asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan tashqi siyosati haqida ma’lumot berildi.

Mamlakatimizning Afg‘oniston yo‘nalishidagi pozitsiyasi va yondashuvlari, jumladan, mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritildi. Afg‘onistonda mustahkam tinchlikka erishish mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili ekani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida SMTI va YXHT o‘rtasidagi yaqin va muntazam muloqotni davom ettirish, jumladan, mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyot masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga kelishib olindi.