O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi to‘g‘risida

2020-yilning 5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Toshkent shahriga amaliy tashrif bilan kelgan Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, suv xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Vazirlar ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibini muhokama qildilar. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy sur’atini saqlab qolishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi ma’lum qilindi.

Tomonlar, shuningdek, koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish va pandemiyaning O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sirini minimallashtirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar to‘g‘risida fikr almashdilar.

TIV rahbarlari ikki tomonlama tadbirlarni davom ettirish, shu jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston Hukumatlararo komissiyasining va ikki mamlakat chegaraoldi viloyatlari hokimlari (vakolatli vakillari) Kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish muhimligini ta’kidladilar.

Oliy va yuqori darajadagi muqaddam erishilgan kelishuvlarga sodiqlik tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot  qabul qilindi.

Manba