Shavkat Mirziyoyev: Xalqimiz bizga eng katta boyligini – zurriyodini ishonib berayapti

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahlili yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Inson kapitalini rivojlantirish – O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan biri. Joriy yil 28 yanvar kuni bo‘lgan yig‘ilishda shu boradagi masalalar muhokama qilinib, ko‘plab vazifalar belgilangan edi.

O‘tgan ikki oyda mutasaddilar hamma hududlarga chiqib, joylardagi muammolarni o‘rgangan. Mamlakatimizdagi 852 ta maktabda ta’lim sifati, muallimlar salohiyati va o‘quvchilarning oliygohlarga kirish darajasi ancha pastligi aniqlangan.

Prezident maktablari, ixtisoslashgan va xususiy maktablarda ilg‘or metodikalar yo‘lga qo‘yilgan. Lekin qolgan maktablarning eng katta muammosi bu – o‘qitish metodikasining eskirganligi. Zamonaviy ta’lim uslublarini ularda ham joriy qilish bo‘yicha tashabbuslar yo‘q.

Maktablarni kompyuter bilan ta’minlash bo‘yicha mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ishlar sust ketayapti. Olis va chekka hududlardagi maktablarda ta’lim sifati qoniqarsiz ahvolda.

Ma’lumki, yil boshida Maktab ta’limini isloh qilish kengashlari tuzilgan edi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari joylardagi shunday kengashlar rahbari hisoblanadi. Shu bois yig‘ilishda ta’lim rivoji past bo‘lgan hududlar hokimlari ogohlantirildi.

– Agar rahbarlar, muallimlar yangi O‘zbekistonga munosib harakat qilsa, farzandlarimizni davr talabiga mos o‘qitishimiz mumkin. Xalqimiz bizga eng katta boyligini – zurriyodini ishonib berayapti. Bu juda katta mas’uliyat. Shuni his qilib, o‘zimizni qiynab, maktabni isloh qilsak, kelajakka zamin yaratamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanishini e’lon qildi.

Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitiladi. Buning uchun har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatuvchi Milliy ta’lim markazlari tashkil etiladi. Ularga aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi.

Har bir viloyat kesimida “trenerlar guruhi” shakllantirilib, ular joylarda maktab o‘qituvchilarining malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar to‘lanadi.

Hokimliklar Xalq ta’limi vazirligi bilan birga, har bir tuman va shaharda kamida 20 foiz maktabda, yil yakuniga qadar ilg‘or metodikalarni joriy etishni boshlaydi. Bu yangi tizimni joriy qilish uchun 100 million dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Abdulla Avloniy nomidagi institut Respublika milliy ta’lim markazi sifatida qayta tashkil etiladi va Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan yagona tizimga birlashtiriladi.

Umuman, yangi metodikalarga o‘qitish tizimi Milliy ta’lim markazi va Toshkent davlat pedagogika universitetidan boshlanadi. Universitet Xalq ta’limi vazirligi tarkibiga o‘tkaziladi, maktab o‘qituvchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha respublikadagi tayanch muassasaga aylantiriladi.

Hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagogika institutlari bosqichma-bosqich universitetlar tarkibidan alohida ajratilib, mustaqil ta’lim dargohiga aylantiriladi.

Yig‘ilishda yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Maktablarda ma’naviy muhitni tubdan yaxshilash bo‘yicha yangi konsepsiya ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Maktablardagi ma’naviyat targ‘ibotchilariga talablarni qayta ko‘rib chiqib, bu vazifaga mahalla va jamoada obro‘si yuqori insonlarni tayinlash, namunali o‘quvchi va ota-onalarni rag‘batlantirib borish zarurligi ta’kidlandi.

Bugungi kunda yurtimizda 120 ta maktab 3-4 koeffitsiyentda ishlamoqda. Ya’ni o‘quvchi soni sig‘imga nisbatan juda ko‘p. Prezidentimiz ushbu maktablarda sharoitni yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Kelgusi o‘quv yili boshlanguncha 960 ta maktab kompyuter sinfi bilan ta’minlanishi, 740 tasi yangidan jihozlanishi qayd etildi.

Umuman, 5 mingdan ortiq kompyuter sinflarini yangilash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishi belgilandi. Bunga respublika byudjetidan 200 milliard so‘m, mahalliy byudjetlardan ham 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga maktablar uchun alohida imtiyozli tariflar ochish, o‘quvchi soniga qarab, maktablarda internet tezligini sekundiga 100 Megabitgacha ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. 

Maktabdagi ta’lim ham, muhit ham ko‘p jihatdan direktorlarga bog‘liq. Shu bois maktab direktorlarini sertifikatlash tizimini joriy etish zarurligi aytildi. Bundan buyon, direktorlikka nomzodlar ushbu tizim orqali tanlanadi.

Davlatimiz rahbari tabiiy va aniq fanlarni o‘qitishni rivojlantirish kerakligini aytgan edi. Shunga muvofiq, 193 ta ta’lim muassasasi negizida tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashgan maktablar tashkil etish rejalashtirilgan. Hokimlarga ushbu maktablarni ta’mirlab, barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda vazirlar va hokimlar, maktab direktorlari so‘zga chiqib, taklif va mulohazalarini bildirdi.

Manba