2025-yil 10-13 sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi bo’lib o’tadi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Love Your Neighbor Community” (LYNC) nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida o’tkazilmoqda.
Mazkur tadbir 2022-yilda Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘tkazilgan, keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida e’tirof etilgan Buxoro deklaratsiyasining qabul qilinishi bilan yakunlangan forumning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Bunday forumlar 2016-yildan buyon Marokash, Makka, Jakarta, Potomak, Punto-del-Este kabi shaharlarda o‘tkazib kelinmoqda va ma’rifat, diniy erkinlik va bag‘rikenglik madaniyati g‘oyalarini ilgari surish bo‘yicha nufuzli xalqaro maydon sifatida o‘zini namoyon etmoqda. Forumlarning har biri konseptual hujjatlar - shu nomdagi deklaratsiyalar qabul qilinishi bilan yakunlanadi.
O‘zbekistonda forum ilk bor 2019-yilda Toshkentda o‘tkazildi va o‘shandan buyon dunyo hamjamiyatiga o‘zbek xalqining boy madaniy-tarixiy hamda diniy-falsafiy merosini, shuningdek, mamlakatning jamiyatda konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv muhitini ta’minlash borasidagi tajribasini namoyish etish imkonini beruvchi nufuzli xalqaro tadbir maqomini oldi.
Bo‘lajak forumda 15 ta mamlakatdan, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya va Markaziy Osiyo davlatlaridan 50 ga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotchi olim, ekspert va yuqori martabali shaxslar ishtirok etishi kutilmoqda.
Forum yakunida jahon hamjamiyatiga qarata yakuniy Murojaatnoma qabul qilinadi. Unda diniy ozchiliklar huquqlarini himoya qilish, diniy e’tiqod asosida kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish vositasi sifatida diniy ma’rifatni rivojlantirish, e’tiqod erkinligini insonning umumbashariy huquqi sifatida tasdiqlash hamda diniy va madaniy qarashlaridan qat’i nazar, barcha insonlarning teng huquqliligini rag‘batlantirishga chaqiriladi.
Umuman olganda, "Deklaratsiyalar muloqoti" II xalqaro forumi natijalari global xilma-xillik sharoitida diniy bag‘rikenglikni, o‘zaro hurmatni, saxovatni va xalqlarning tinch-totuv yashashini mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi.