Koreya Respublikasi Milliy diplomatik akademiyasi Xalqaro munosabatlar va Milliy xavfsizlik Institutida uchrashuv

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar Instituti ekspertlari Seul shahrida Koreya Respublikasi Milliy diplomatik akademiyasi Xalqaro munosabatlar va Milliy xavfsizlik instituti (XMMXI) prezidenti Kim In Chul bilan uchrashishdi.

Mazkur tadbirda O'zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi vakillari hamda XMMXI yetakchi mutaxassislari va professorlari ishtirok etishdi.

Suhbat davomida Kim In Chul, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. Uning fikricha, O'zbekistonning ichki va  va tashqi siyosiy masalalarda olib borayotgan islohotlari, birinchidan, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni rivojlantirishga, ikkinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, uchinchidan, O'zbekistonning ham G'arb, ham Sharq mamlakatlari bilan hamkorligini yanada chuqurlashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Shu nuqtai nazardan, Kim In Chul hamkorlikning barcha asosiy yo'nalishlarida O'zbekiston-Koreya munosabatlarini izchil rivojlantirish muhimligini ta'kidlab o'tdi.

O'z navbatida XMMXI mutaxassislari, hozirgi kunda ikkitomonlama munosabatlarda ilmiy tadqiqot va akademik yo'nalishdagi hamkorlik jadal sur'atlar bilan faollashayotganligini ta'kidlab otishdi.

Uchrashuv yakunida SMTI va XMMXI hodimlari tashkilotlar o'rtasida 2018 yil 31-mayda imzolangan o'zaro Anglashinuv Memorandumi manfaatli masalalar bo'yicha aloqalarni kengaytirishga asos bo'layotganligini ta'kidlab o'tdilar.