SMTI direktori va Koreya Respublikasi parlamenti deputati bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi

Joriy yilning 6 noyabrida Koreya Respublikasining Milliy Assambleyasida SMTI direktori Vladimir Norov va Koreya Respublikasi Parlamenti deputati Song Yong Gil o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar keng qamrovdagi masalalarni muhokama qilishdi. Koreya deputati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yilning noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yuqori baholab, ikki mamlakat o’rtasidagi azaliy do’stlik va o’zaro ishonch ruhidagi hamkorlik aloqalari rivojida yangi bosqichni boshlab berganini qayd etdi. Davlat tashrifi davomida ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan xujjatlar O’zbekiston va Koreya o’rtasidagi o’zaro strategik hamkorlikning mustahkamlanishiga zamin yaratdi. Ushbu tashrifning mantiqiy davomi bo’lgan bugungi uchrashuv o’zaro ishonch va samimiy ruhda o’tayotganligini ta’kidlab o‘tildi.

Suhbat davomida parlamentlararo munosabatlar masalalariga ham to’xtalib o’tildi, buning yorqin misolida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi o’rtasidagi parlamentlararo munosabatlar va «O’zbekiston – Koreya» do’stlik jamiyati faoliyati yo’lga qo’yilganligi ta’kidlab o’tildi. Shuningdek, joriy yilning fevral oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining Koreya Respublikasiga tashrifi davomida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik Memorandumining imzolanishi alohida qayd etildi.

Uchrashuvning yana bir mavzusi Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning Uzoq Sharq, Xitoy, Mongoliya, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Yangi Shimol siyosati masalalari bo’ldi va bu yo’nalishda Koreya prezidentining ushbu siyosatini O’zbekiston tomonidan qo’llab-quvvatlashi ta’kidlab o’tildi. 

Uchrashuv yakunida koreya tomoni O’zbekiston va Koreya o’rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirishga tayyorligini ta’kidlab o’tdi. Shuningdek, o’zbek-koreys strategik hamkorligining rivojlanishida va amalga oshirilishida ilmiy-tadqiqot va tahliliy tizimlarning muhimligi ta’kidlab o‘tildi.