SMTI ekspertlari Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti bilan davra suhbati o’tkazdilar

Joriy yilning 22 oktyabr kuni Moskvada «O'zbekiston va Rossiya: Markaziy Osiyoda hamkorlik istiqbollari» mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Tadbir Rossiya Fanlar Akademiyasining (RFA) Sharqshunoslik instituti, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va O'zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Davra suhbati RFA Sharqshunoslik institutining 200 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar doirasida o’tkazildi.

Tadbirda shuningdek RFA Jahon iqtisodiyoti va xalqaro aloqalar instituti, Rossiya strategik tadqiqotlar instituti, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Yevroosiyo tahliliy klubi va «Regnum» axborot-tahliliy agentligi vakillari ham ishtirok etishdi.

Davra suhbati ishtirokchilari taqdimotlarida asosan O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikning aspektlari hamda Markaziy Osiyo mintaqasida O'zbekiston va Rossiyaning Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, diniy ekstremizmga qarshi kurashda ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, davlatlararo iqtisodiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shu bilan birgalikda, ushbu tadbir joriy yilning  18-19-oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.Putinning O'zbekiston Respublikasiga davlat  tashrifi yakuniy natijalariga uvofiqligi alohida ta'kidlab o’tildi.

Tadbir yakunida O'zbekiston va Rossiya o'rtasida Markaziy Osiyo mintaqasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan bir qator takliflar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Davra suhbati doirasida SMTI ekspertlari RFA Sharqshunoslik Instituti direktori V.Androsov tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda tomonlar ikki ilmiy-tadqiqot institutlari o'rtasida o'rnatilgan hamkorlikning samaradorligini qayd etib, ilmiy aloqalarni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldilar.