SMTI vakili ShHT Forumida ishtirok etdi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktor o’rinbosari B.Tursunov 2018-yil 24-25 aprel kunlari "Shanxay ruhini ilgari surish, birdamlik va o'zaro ishonchni mustahkamlash, amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish" mavzuidagi ShHT Forumida ishtirok etdi. Tadbir Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi maslahatchilari idorasi tomonidan tashkil etildi.

Forumda ShHTga a'zo mamlakatlar hamda hamkor va kuzatuvchi davlatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirok etdi, xususan Afg'oniston, Belarus, Qirg'iziston, Mo'g'uliston, Pokiston, Rossiya va Tojikiston. Xitoy tomonidan Davlat kengashi maslahatchilarining vakillari, mamlakatning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari va tahliliy markazlar ekspertlari qatnashishdi.

Savdo, sarmoya, zamonaviy texnologiyalar, infrastruktura taraqqiyoti, an'anaviy va muqobil energetika, hamda madaniy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari tadbir muhokamlarida asosiy o’rin egalladi.

Forum yakunlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktor o’rinbosari B.Tursunov va XXRning Belarus va Bolgariyadagi sobiq elchisi Vu Hongbin tomonidan tayyorlandi.

Forum qatnashchilari "Tencent" kompaniyasining axborot texnologiyalari sohasidagi faoliyati bilan tanishdilar. Bugungi kunda mazkur tashkilot tomonidan yaratilgan tarmoq foydalanuvchilari soni 900 millionga yetdi, kapitallashuv hajmi esa 42 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.