O'zbekiston delegatsiyasi Fransiyada qo'shma tadbirlar o'tkazadi

Joriy yilning 26-27 sentabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va Mintaqalararo Tadqiqotlar Instituti direktori Vladimir Norov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Fransiyaga tashrif buyuradi. Delegatsiya tarkibida, shuningdek, Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi vakillari ishtirok etadilar.

Tashrif doirasida, delegatsiya Fransiya parlamentining mas'ul rahbarlari bilan uchrashadi va Yevropada Istiqbol va xavfsizlik Instituti bilan "Xavfsizlik, diniy bag'rikenglik va millatlararo totuvlik" mavzusida hamda Fransiya Davlat Boshqaruvi Maktabi bilan "Davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish va ta'minlash, qonun ustuvorligi: o'zbek-fransuz hamkorligining yangi imkoniyatlari va istiqbollari" mavzusida davra suhbatlari o'tkazishi rejalashtirilgan. 

Tadbirlar davomida, Yevropa Ittifoqi vakillari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsion, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda ko'p qirrali o'zbek-fransuz hamkorligini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochish masalalarini muhokama qiladilar.

Uning yakunlari bo’yicha, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va Mintaqalararo Tadqiqotlar Instituti bilan yetakchi Yevropa tadqiqot markazlari o'rtasida hamkorlik o'rnash to'g'risida hujjatlar imzolanishi ko'zda tutilgan.