Xalqaro Vestminster universitetida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 15-dekabr kuni Xalqaro Vestminster universitetida «Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishida raqamlashtirishning roli: dunyo va O‘zbekiston tajribasi» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va ushbu Institut qoshida tashkil etilgan Yosh tahlilchilar klubi tomonidan Xalqaro Vestminster universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Davra suhbatida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, «Ground Zero» Kovorking markazi vakillari, hamda yosh tahlilchilar klubi a’zolari – oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.

Davra suhbatining asosiy maqsadi –xalqaro tajribani va raqamli iqtisod sohasida amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalarini o‘rganish asosida O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq takliflarni va ta’lim dasturlarini rivojlantirishga ko‘mak beruvchi mexanizmlarni ishlab chiqishdan iborat.

Ushbu maqsadda tadbir davomida bo‘lib o‘tgan qizg‘in suhbat jarayonida transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, ta’lim tizimi kabi sohalarni raqamlashtirish istiqbollari, shuningdek mamlakatda startap ekotizimining rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish masalalari bo‘yicha atroflicha mulohaza yuritildi.

Shu jumladan ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda ham bir qator salmoqli ishlar qilinmoqda. Xususan, 2018 yil - «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash» yili doirasida mamlakat miqyosida raqamlashtirish jarayonlarini qo‘llab quvvatlash va ushbu sohani rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu o‘rinda raqamlashtirish - davlat strategik dastur va loyihalarini, shuningdek ustuvor iqtisodiy vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirishning har tomonlama samarali yo‘nalishi ekanligi qayd etildi. Bu zamonaviy texnologiyalar, nou-xau va investitsiyalarni mamlakat iqtisodiyotiga jalb etishning muqobil usuli ekanligi ham ta’kidlab o‘tildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining yosh tahlilchilar klubi a’zolari faol ishtirok etishdi. Ishtirokchilar startaplar, ta’lim tizimini raqamlashtirish va raqamli iqtisodiyot mavzulari bo‘yicha o‘zlarining tahliliy ma’ruzalari bilan chiqishlar qilishdi.

Xulosa qilib aytganda, tadbir konstruktiv va jonli ruhdagi muhokama bilan o‘tdi. Ishtirokchilar ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, O‘zbekistonda raqamlashtirish jarayonini davomli rivojlantirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqishdi. O‘z navbatida, bo‘lib o‘tgan davra suhbati yana bir karra yosh avlod vakillarining mamlakatda olib borilayotgan jadal islohotlarga bo‘lgan yuqori qiziqishlarini va ushbu ijobiy o‘zgarishlarni amalga joriy etish yo‘lidagi faol intilishlarini, shuningdek ularning O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini namoyish etdi.