SMTI tahliliy jurnalining birinchi soni chop etildi

Joriy yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining “Стратегические вопросы безопасности и развития” tahliliy jurnalining birinchi soni nashr etildi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur jurnalning Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tashabbuslari bilan mamlakatimizda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar davrida chop etilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Jurnal tahrir hay’ati a’zolari qatoridan O‘zbekiston va xorijlik taniqli olim va ekspertlar, shu jumladan Frederik Starr, Andrey Kazansev, Rafaello Pantuchchi, Xudoberdi Xoliknazar, Sanat Kushkumbayev va boshqalar o‘rin olgan.

Jurnalning asosiy maqsadi – O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning strategik istiqbolini belgilashga ta’sir o‘tkazuvchi mintaqaviy jarayonlar va xalqaro maydonda ro‘y berayotgan masalalar yuzasidan ochiq muloqot maydonini yaratish orqali O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatini axborot-tahliliy materiallar bilan ta’minlashdan iborat.

Jurnal ilmiy tadqiqotchilar, siyosatshunos olimlar, ilmiy-amaliy muassasalar xodimlari, diplomatik xizmat vakillari, oliygohlar ustoz va talabalari hamda xalqaro munosabatlar muammolari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlik masalalariga qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan. Jurnal rus va ingliz tilida chop etilgan bo‘lib, u bilan batafsil quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Rus tilida o‘qish uchun: https://joom.ag/3IJa

Ingliz tilida o‘qish uchun: https://joom.ag/vIJa