
Joriy yilning 11-dekabr kuni SMTI bosh ilmiy xodimi Lobar Umarova Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Yaqin Sharqda suv sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro ekspertlar uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbir Iordaniya fan va texnologiyalar universitetining (JUST) Suv diplomatiyasi markazi tomonidan Stokgolm xalqaro suv instituti (SIWI) ko‘magida tashkil etildi. Forum ishida Iordaniya, Iroq, Eron, Livan, Suriya va Turkiyadan yuqori lavozimli vakillari hamda yetakchi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Uchrashuv Shveysariya tomonidan moliyalashtiriladigan va Yaqin Sharq mintaqasida tinchlikni saqlash uchun hamkorlikni mustahkamlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan nodavlat mintaqaviy tashabbus " Blue Peace Middle East " doirasida bo'lib o'tdi.

Lobar Umarova o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasidagi keng qamrovli islohotlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi hamda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mamlakatimiz qarashlarini bildirdi. "Bizning asosiy maqsadimiz innovatsion yechimlar, resurslarga tejamkor munosabat va mustahkam mintaqaviy hamkorlikni o‘zida mujassam etgan suvdan foydalanishning yuqori samarali tizimini joriy etishdan iborat," - deya ta’kidladi mutaxassis.
Uning qayd etishicha, so‘nggi yillarda mamlakat suv xo‘jaligi sohasi O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi, suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan konsepsiyasi, "O‘zbekiston-2030" strategiyasi, suv resurslarini va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028-yillarga moʻljallangan dasturi kabi muhim hujjatlarga muvofiq amalga oshirilayotgan tizimli va tarkibiy o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda.
SMTI eksperti O‘zbekistonda olib borilayotgan suv siyosati o‘zining aniq natijalarini berayotganini alohida ta’kidladi. Masalan, suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalangan holda sug‘oriladigan yerlarning ulushi 2020-yilda 4 foiz bo’lgan bo’lsa 2025-yilga kelib bu ko’rsatkich qariyb 50 foizga yetdi.
Mintaqaviy hamkorlik doirasida L.Umarova O‘zbekiston barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston bilan suv diplomatiyasi sohasidagi sheriklikni yanada rivojlantirishga ishonch bildirib, mamlakatning mintaqaviy barqaror rivojlanishning faol ishtirokchisi sifatidagi muhim rolini qayd etdilar.