
Joriy yil 27-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Institut direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayevning Pokistonning Socio-Economic Insight&Analytics (SIA) ilmiy-tadqiqot markazi vakillari - direktor Nadim ul-Haq va ekspert Durre Nayab bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbatdoshlar O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashdilar hamda ikki tomonlama hamkorlikni kelgusida rivojlantirish istiqbollarini muhokama etdilar.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining faollashuviga alohida e’tibor qaratildi. Nadim ul-Haq ta’kidlaganidek, Toshkent va Islomobod siyosiy muloqotni izchil ravishda mustahkamlamoqda, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirmoqda, gumanitar sohadagi hamkorlikni tobora kuchaytirmoqda.
2016-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda tovar ayirboshlash hajmi 11 barobarga oshib, 35,6 million dollardan 404 million dollarga yetgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Tomonlar yuzaga kelgan ijobiy dinamika ikki mamlakat manfaatlariga javob beradigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi haqida yakdil fikr bildirdilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslarining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Suhbat yakunida SMTI va SIA vakillari tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirish istagini bildirdilar. Ekspertlar hamjamiyatlarining hamkorligi O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
SIA - Pokiston tahliliy markazi bo‘lib, u ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, makroiqtisodiy va investitsiya siyosati hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish sohalarida tadqiqotlar olib boradi. SIA jamoasi tarkibiga sobiq vazirlar, iqtisodiyot va siyosat sohalarining yetakchi mutaxassislari kiradi.
