Qurolli Kuchlarni rivojlantirish borasidagi ishlar sarhisob qilindi, yangi vazifalar belgilandi

Bugun, 12 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29-yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurdi.

Davlat rahbari o‘quv muassasasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va u yerda yaratilgan ta’lim infratuzilmasi ob’ektlari, shuningdek, Qurolli Kuchlarimizning zamonaviy qurol va harbiy texnika namunalari hamda milliy mudofaa sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng Akademiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida Qurolli Kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatining 2020 yil yakunlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xavfsizlik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlarning rahbar va qo‘mondonlik tarkibi, joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar va ularning natijalari batafsil sarhisob qilindi. Vazirlik va idoralar hamda joylardagi davlat xokimiyati organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatiga tanqidiy baho berildi.

Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida, mamlakat hayotining boshqa jabhalari bilan bir qatorda, harbiy sohaning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha zamon talablariga mos qarorlar qabul qilinganligi, amalga oshirilgan tizimli va strategik kompleks chora-tadbirlar natijasida qisqa davr ichida milliy armiyamizning jangovar shayligi va umuman mamlakatning mudofaa qobiliyati sezilarli darajada oshgani ta’kidlab o‘tildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarni rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash hamda bu borada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalarni keng tatbiq etish bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar berdi.

Jumladan, barcha darajadagi qo‘mondonlik va boshqaruv organlari faoliyatini takomillashtirish, qo‘shinlarda avtomatlashtirilgan boshqaruv vositalari va komplekslarni joriy qilish orqali ularning hamkorlikdagi operativ va jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash istiqboldagi dolzarb vazifalardan bo‘lib qoladi.

Harbiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda harbiy ilmni rivojlantirish borasida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan harbiy mojarolar va zamonaviy jang amaliyotlarini hamda milliy harbiy san’at tarixini chuqur o‘rganib, qo‘shinlarning tayyorgarlik usul va uslublarini yanada takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bunda harbiy ta’lim tizimida boshlangan islohotlarni uzviy davom ettirish, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari faoliyatini takomillashtirish, ularda ta’lim olayotgan o‘quvchilar qalbida milliy ruh, ona-Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg‘usini har tomonlama kuchaytirish, buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohruh Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarimizning boy jang san’atidan keng foydalanish muhimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” va “Shon-sharaf” muzeyi majmuasini harbiy xizmatchilar, yurtimiz aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarixni va buyuk ajdodlarimiz qahramonligini o‘rganish ilmiy markaziga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

bugungi kunda global axborot makonidagi qarama-qarshilik, inson, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurashning kuchayishi sharoitida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining roli va ahamiyati ortib bormoqda.

Shuning uchun davlatimiz rahbari tomonidan aholining va birinchi navbatda yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimini takomillashtirish, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish, intellektual va ijodiy salohiyatni namoyon qilishga sharoit yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mamlakatimiz aholisini va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish bilan bog‘liq ishlarni “Jasur jangchi – yoshlar uchun namuna” shiori ostida yanada jadallashtirish, harbiy okruglar qo‘mondonliklariga kamida 10 tadan maktabni otaliqqa olish hamda harbiy qism komandirlari tomonidan ularda vatanparvarlik va harbiy shon-sharaf darslarini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.

Qurolli Kuchlarimizda yaratilgan zamonaviy infratuzilmadan foydalangan holda uyushmagan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan birga, mehnat bozorida talab qilinadigan kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha ishlarni tashkil etish vazifasi ham qo‘yildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari “o‘z farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega bo‘lmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi”, deya ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda mamlakat mudofaa sanoati kompleksini yanada rivojlantirish, davlat chegaralarini qo‘riqlash tizimini takomillashtirish, favqulodda vaziyatlar prognoz va monitoring qilish hamda avariya va texnogen halokatlarning oldini olish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish bo‘ycha zarur topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev harbiy oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, sog‘lom turmush tarzi va bolalar tarbiyasiga yondashuvlarni namunali darajaga ko‘tarish, harbiylar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uy-joy bilan ta’minlash ishlari kelgusida ham muhim va ustuvor yo‘nalish sifatida qolishini qayd etdi.

Tadbir yakunida davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan ishlar, birinchi navbatda, xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan yangi O‘zbekistonni barpo etish bosh talab ekanini ta’kidladi.

Manba