O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov joriy yilning 6-may kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) Ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Ilmiy kengash a’zolariga TIQXMMI 90 yilligini nishonlash doirasida 2024-yil 10-aprelda SMTI tomonidan tashkil etilgan " Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi: barqaror rivojlanish yo‘lida ishonch, muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik" mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunlari haqida ma’lumot berildi.
Xalqaro forum ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlarining suv diplomatiyasining nazariy asoslarini rivojlantirishdagi hissasini hamda mintaqa davlatlarining suv sohasidagi hamkorlik bo‘yicha global kun tartibini shakllantirishdagi tobora ortib borayotgan rolini yuqori baholaganliklari ta’kidlandi.
A.Ne’matov o‘tkazilgan tadbirning ahamiyatini ta’kidlab, konferensiyani tashkil etishda faol ishtirok etganligi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganligi uchun universitet rahbariyati va jamoasiga chuqur minnatdorchilik bildirdi. U kelgusi davrdagi asosiy vazifa konferensiya yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan g‘oya va takliflarni amaliyotga joriy etish ekanligini alohida qayd etdi.
Suv diplomatiyasini alohida ilmiy fan sifatida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. "Suv diplomatiyasi" yo‘nalishini Mutaxassisliklar tasniflagichiga kiritish va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan talabalar uchun TIQXMMI negizida ushbu yo‘nalish bo‘yicha ta’lim olishlari uchun grant o‘rinlarini ajratish masalasining dolzarbligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan Afg‘oniston bilan suv masalasining barcha jihatlari bo‘yicha ilmiy hamkorlikni kuchaytirish g‘oyatda muhim ekanligi qayd etildi.
Shu nuqtayi nazardan, mintaqaviy hamkorlikning yuqori darajasini saqlab qolishning asosiy omillaridan biri sifatida transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasida o‘zaro maqbul yechimlarni izlash va topishda universitetning ilmiy salohiyatini ishga solish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar SMTI va TIQXMMI o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan ilmiy va ta’lim loyihalarini birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar.