
2025-yil 28-noyabr kuni Toshkentda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti va Rossiyaning "Oliy iqtisodiyot maktabi" milliy tadqiqot universiteti tomonidan tashkil etilgan "Iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlik: dolzarb holat va istiqbollar" mavzusida ekspert-ilmiy seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida turgan dolzarb iqlim muammolari, shuningdek, barqaror rivojlanish va ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga ta’siri va mintaqaning ekologik barqarorligini oshirish bo‘yicha mumkin bo‘lgan qo‘shma yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Lobar Umarova ishtirok etib, mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida o‘z ekspertlik fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
L.Umarova O‘zbekistonning xalqaro suv hamkorligini mustahkamlash, jumladan, mamlakatning iqlim o‘zgarishi sharoitida transchegaraviy suv resurslarini birgalikda boshqarishga qaratilgan muloqot platformalari va loyihalarida ishtirok etish borasidagi sa’y-harakatlari muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston ikki va ko‘p tomonlama darajada konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlayotgani, bu suv va iqlim siyosati bo‘yicha mintaqaviy yondashuvlarni muvofiqlashtirish uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Ishtirokchilar suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasida to‘plangan tajribaning muhimligini, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirish muhimligini e’tirof etdilar. Samarali davlatlararo hamkorlik, SMTI ekspertining so‘zlariga ko‘ra, mintaqaning suv xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Seminar yakunida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya tashkilotlari o‘rtasidagi ilmiy va ekspertlik hamkorligini yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Iqlim moliyasini jalb qilish, kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish va iqlim o‘zgarishi sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotining barqarorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarni davom ettirish taklif qilindi.