2025-yilning 20-iyun kuni SMTI direktori Eldor Aripovning Singapurning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Zulkifli bin Baharudin bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.
Suhbat avvalida singapurlik diplomat O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. "Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar zamonaviy investitsiya muhitini shakllantirib, xalqaro biznes uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda," - dedi Elchi.
Zulkifli bin Baharudin Singapurning O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining rasmiy tashriflari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga bo‘lgan prinsipial qiziqishini ifoda etdi.
Uchrashuvda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalar mustahkamlanib borayotgani, xalqaro maydonda yaqin hamkorlik o‘zaro qo‘llab-quvvatlnayotgani, jamoat xavfsizligi sohasidagi munosabatlar faollashgani, madaniy-gumanitar aloqalar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshdi. O‘zbekistonda Singapur sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni to‘rt barobar ko‘payib, 250 taga yetdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 700 million dollardan oshib, kimyo sanoati, to‘qimachilik va agrosanoat majmuasi kabi strategik muhim tarmoqlarni qamrab oldi.
Inson kapitalini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, kambag‘allikni qisqartirish, "yashil" texnologiyalarni joriy etish, sog‘liqni saqlash sohasini modernizatsiya qilish, iqlim o‘zgarishlariga moslashish kabi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarida ishga solinmagan katta salohiyat mavjudligi aytildi.
Muzokaralar chog‘ida SMTIning Singapur ilmiy-akademik va aqliy markazlari bilan aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha ham fikr almashildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha yangi g‘oya va takliflar ishlab chiqish maqsadida ekspertlar hamkorligini faollashtirish muhimligi qayd etildi.