2025-yil 9-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Institut direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Avstriyaning "Global Neighbours" tahliliy markazi vakillari Yozef Kirxberger va Aleksey Ksenofontov bilan uchrashdi.
Suhbat davomida tomonlar SMTI va Global Neighbours o'rtasidagi joriy tashabbuslar va amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot almashib, o'zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Shu bilan birga tashkilotlar 2025-yilga rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlarda ishtirok etishning imkoniyatlarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi ekspertlar muloqotini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Suhbatdoshlar tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini takidlashdi. Shu o’rinda tomonlar tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olishdi.
"Global Neighbours" - Venada joylashgan tahlil markazi bo‘lib, 2022-yilda tadbirkor Yovanka Porshe tomonidan Avstriyaning sobiq kansleri Kristian Kern va Germaniya sobiq vitse-kansleri Filipp Ryosler bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Markazning asosiy vazifasi Yevropa, Osiyo va boshqa mintaqalar o‘rtasida muloqot platformasini yaratish, biznes, siyosat va jamiyat vakillarini dolzarb ma’lumotlar bilan ta’minlash, ekspertlik iqtisodiy tadbirlarini tashkil etishdan iborat.