SMTIda Guelf universiteti vitse-prezidenti o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2026-yil 26-yanvar kuni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Guelf universiteti (Kanada) xalqaro ishlar bo‘yicha vitse-prezidenti o‘rinbosari Benjamin Bredshou bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv 2025-yil noyabr oyida SMTI va Guelf universiteti o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muloqotning mantiqiy davomi bo’ldi. Unda O‘zbekiston va Kanada o‘rtasida oliy ta’lim, fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar akademik va ilmiy-tadqiqot aloqalarini kengaytirish bo‘yicha fikr almashib, hamkorlikning istiqbolli yo’nalishlarini muhokama qildilar.

Barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini boshqarish hamda qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalariga innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Suhbatdoshlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikda ish olib borishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Akademik hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish doirasida Benjamin Bredshou Guelf universiteti talabalar va aspirantlar uchun akademik almashinuvlar va qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi fanlari va barqaror rivojlanish sohasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuv konstruktiv muhitda o‘tdi hamda tomonlarning muloqotni davom ettirish, o’zaro aloqalarni mustahkamlash va kelgusi yillarda qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish istagini tasdiqladi.