Germaniya elchisi bilan uchrashuv

SMTIda Germaniyaning O'zbekistondagi elchisi Gyunter Overfeld bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Suhbat davomida tomonlar O’zbekiston va Germaniya o’rtasidagi ikki va ko’p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdi.

Uchrashuvda G.Overfeld Germaniya Federativ Respublikasi Markaziy Osiyo bilan yaqin sheriklik aloqalarini mustahkamlashga alohida e'tibor berishini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, Berlin uchun ijobiy ichki va mintaqaviy dinamika kuzatilayotgan va tobora muhim strategik ahamiyatga ega bo'lgan mintaqa bilan hamkorlik juda muhim hisoblanadi.

Shu bilan birga, elchi Germaniya Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda o'zaro bog'liqlikni oshirish bo'yicha qabul qilingan strategiyasi doirasida O'zbekiston bilan savdo, energetika, transport, axborot texnologiyalarini rivojlantirish sohalarida qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida ekanligini ta'kidladi

Shuningdek, G.Overfeld O'zbekistonning mintaqada do'stlik va o'zaro ishonch muhitini yaratishga qaratilgan siyosatini yuqori baholadi. Diplomatning so'zlariga ko'ra, Sh.Mirziyoyevning sa'y-harakatlari bilan Markaziy Osiyoda “o’zgarishlar boshlandi”. Xususan, O'zbekiston hukumatining qo'shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo’yicha ilgari surayotgan siyosati Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi turli muammolarni “muammosiz" hal etish uchun sharoit yaratmoqda.

Suhbat chog'ida tomonlar Afg'oniston muammosini tinch yo'l bilan hal etish yuzasidan ham fikr almashishdi. Shu nuqtai nazardan, O'zbekistonning Kobulni mintaqadagi iqtisodiy va infratuzilma loyihalariga faol jalb qilish siyosati alohida ta'kidlandi. Bu esa, tomonlarning fikricha, ushbu mamlakatda inqirozni tezroq hal qilishga yordam beradi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaldagi hamkorlikni davom ettirishga, konstruktiv muloqotni chuqurlashtirishga va kun tartibidagi ikki tomonlama ko'plab masalalar bo'yicha fikr almashishga umid bildirdilar.