SMTI va GCERF hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishdi

Joriy yilning 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro fondining (GCERF) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Irina Ulmasova-Oliv bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Muzokaralar davomida tomonlar o‘tgan yil noyabr oyida SMTI va GCERF o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasidagi hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha mazmunli fikr almashishdi.

Vatanga qaytarilgan fuqarolarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishga oid qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama etildi. Shu o‘rinda O‘zbekistonga grantlar ajratish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Ma’lumot uchun: GCERF - bosh qarorgohi Jenevada joylashgan xalqaro tashkilot bo‘lib, 2014-yilda terrorizmga qarshi kurashish va vataniga qaytgan fuqarolarni jamiyatga qayta moslashtirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Jamg‘arma 25 mamlakatda loyihalarni amalga oshirmoqda. Investitsiyalarning umumiy hajmi 200 million AQSh dollaridan oshadi. GCERF direktorlar kengashiga Yevropa Ittifoqi, AQSH, Qatar va Avstraliya qatori 20 dan ortiq mamlakatning vakillari kiradi.