2025-yil 20-iyun kuni SMTI direktori Eldor Aripov Xalqaro migratsiya tashkilotining (XMT) Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori Serxan Aktoprak va XMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Endryu Grey boshchilik qilayotgan delegatsiya bilan ishchi uchrashuv o’tqazdi.
Uchrashuvda Serxan Aktoprak O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga yuqori baho berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "mamlakatdagi islohotlar dinamikasi hayratlanarli." U O‘zbekistonning migratsiya sohasini tartibga solish borasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini olqishladi.
Tomonlar SMTI va XMT o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning ehtimoliy istiqbollarini muhokama qildilar. Iqlim migratsiyasi masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, seminarlar va davra suhbatlarini tashkil etish, xorijga ishlash uchun vaqtincha ketayotganlar o‘rtasida radikallashuvning oldini olish, raqamli monitoring tizimlarini joriy etish, professional ta’lim tizimini takomillashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlashga, tegishli Hamkorlik memorandumini imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.