SMTI Yevropa Ittifoqi va xalqaro tashkilotlarning delegatsiyasini qabul qildi

Joriy yilning 27-yanvar kuni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Yevropa Komissiyasi Tashqi siyosat vositalari xizmati dasturlar menejeri Barbara Rotovnik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda, shuningdek, Zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ilg‘or tajriba markazi (Hedayah) dastur menejeri Hafed Dridi, Xalqaro adolat va qonun ustuvorligi instituti (IIJ) monitoring va baholash bo‘yicha menejeri Kventin Baltazar va Global hamkorlik va barqarorlik jamg‘armasining (GCERF) O‘zbekistondagi xodimi Dilnora Azimova ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar Yevropa Ittifoqining "Iroq va Suriya shimoli-sharqidan qaytayotgan shaxslarni ta’qib qilish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish" loyihasini O‘zbekistonda amalga oshirishni davom ettirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Loyiha 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uning umumiy byudjeti qariyb 4 mln yevroni tashkil etadi.

Kompleks yondashuvni kuchaytirish va loyiha samaradorligini oshirish uchun Global aksilterror forumi doirasida tashkil etilgan GCERF, Hedayah va IIJ tashkilotlari asosiy hamkorlar sifatida tanlangani ta’kidlandi. Bu mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlariga grantlar ajratish, strategik kommunikatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish hamda terrorizmning oldini olish sohalarida konsultativ yordam ko’rsatish imkonini beradi.

Muzokaralar yakunida tomonlar Yevropa Ittifoqi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Ma’lumot uchun: Hedayah (Abu-Dabi, BAA) – 2012-yilda tashkil etilgan tashkilot. U ekstremizmga qarshi kurashishga ixtisoslashgan. 10 yil davomida 100 ta mamlakatdan 21 ming ishtirokchi uchun 200 ga yaqin tadbir o‘tkazgan.

IIJ (Valletta, Malta) – tashkilot 2014-yilda tashkil etilgan. Institutning maqsadi - terrorizmga qarshi kurashish masalalarida sud tizimi mutaxassislarining salohiyatini mustahkamlashdan iborat.