O‘zbekiston va Afg‘oniston ekspert muloqotini mustahkamlamoqda

Joriy yilning 23-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) institut direktori Eldor Aripov, Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligi siyosiy departamenti boshligʻi Abdul Hay Qanit hamda Afgʻonistonning Toshkentdagi elchixonasi vakili Hamidulla Marzee oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ikki mamlakatning tahliliy va tadqiqot muassasalari o'rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratdilar.

SMTI direktori Eldor Aripov Kobul bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga jalb qilish mintaqadagi uzoq muddatli barqarorlikning asosiy omili ekanligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Abdul Hay Qanit Afg‘onistonda O‘zbekistonning pragmatik hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholanishini ta’kidladi. "Joriy yilning may oyida yo‘lga qo‘yilgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti Afg‘onistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi rolini tiklashga qaratilgan muhim tashabbusdir," - dedi diplomat.

Uchrashuv yakunida tomonlar "aql markazlari" o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Ekspert doiralarining yaqin aloqalari ikki tomonlama kun tartibining asosiy masalalari bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi e’tirof etildi.