SMTIda OHIChK Bosh kotibi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 14 - aprel kuni otasi Shora Sariboyev tavalludining 100 -yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengash (OHIChK) Bosh kotibi Qayrat Saribay hamda SMTI direktori Eldor Aripov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Fursatdan foydalanib, Eldor Aripov oliy martabali mehmonning otasi - mashhur olim va jamoat arbobining merosiga chuqur ehtiromini izhor etdi hamda uning turkiy madaniyatni o‘rganish va insonparvarlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida ta’kidladi.

Suhbat davomida tomonlar Markaziy Osiyodagi hamkorlikning tobora rivojlanayotgani to'g'risida fikr almashdilar. Mintaqa tashqi hamkorlar bilan muloqot maydonlarini faol yo‘lga qo‘ymoqda, umumiy kun tartibini oldinga surmoqda va o‘zining mustaqil subyekt sifatidagi mavqeyini mustahkamlamoqda.

Shu munosabat bilan Qayrat Saribay O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan izchil islohotlar va ochiqlik siyosatini yuqori baholadi. "Bu sa’y-harakatlar tufayli mintaqa barqaror rivojlanish ko‘rsatmoqda va o‘zaro ishonch mustahkamlanmoqda," deya ta’kidladi u.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning OHIChK maqsadlariga hamohang bo‘lgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbusi dolzarbligi qayd etildi. Uni yanada ilgari surish muhimligi, shuningdek, mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash uchun Afg‘onistonni mintaqaviy aloqalarga jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Suhbat yakunida tomonlar hamkorlikni, xususan OHIChK tahliliy markazlari forumi doirasida, yanada rivojlantirish borasida o‘zaro tayyorliklarini bildirdilar.