SMTIda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 29-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovning BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Fursatdan foydalanib, Eldor Aripov Sabine Mahlni BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi. SMTI direktori S.Mahlning xalqaro tashkilotlar tizimidagi ko‘p yillik tajribasi O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Mehmon O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini tubdan yaxshilash va yuksaltirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. "O‘zbekistonda "BMT-Ayollar" tuzilmasining vakolatxonasi ochilishi mamlakat xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga sodiqligidan dalolat beradi," - dedi Sabine Maxl.

Shuningdek, BMTning doimiy koordinatori O‘zbekistonning Afg‘oniston yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarini qayd etdi. "Men buni yaqinda chegaraoldi savdo zonasi - "Termiz" xalqaro savdo markaziga tashrifim chog‘ida o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim," - dedi u.

Tomonlar SMTI va BMT o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga alohida e’tibor qaratdilar. Barqaror rivojlanish sohasida tahliliy sharhlarni tayyorlash uchun ilmiy-tadqiqot aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirildi.