Hindiston elchisi bilan uchrashuv

SMTIda Hindistonning O'zbekistondagi Favqulodda va muhtor elchisi Santosh Jхa bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Suhbat davomida tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiya yo'nalishlarida O'zbekiston-Hindiston o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani alohida ta'kidlandi. Xususan, O'zbekiston-Hindiston hamkorligi yangi bosqichga ko’tarilishiga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga 2018 yil oktyabr oyida amalga oshirgan birinchi davlat tashrifi katta turtki berdi. Shuni aytish joizki, tashrif natijasida turli sohalarda 20 ga yaqin bitimlar imzolandi.

Shu yilning yanvar oyida Samarqandda "Hindiston - Markaziy Osiyo" dialogining birinchi vazirlar uchrashuvining muvaffaqiyatli o’tkazilishi mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashishiga hissa qo'shdi.

Prezident SH.Mirziyoyevning 9-chi “Joʻshqin Gujarat” xalqaro investitsiya sammitida ishtiroki ikki tomonnig o'zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Hozirgi kunda tadbir doirasida erishilgan kelishuvlar amaliy samara bermoqda. Gujarat bosh vaziri boshchiligidagi Hindiston ishbilarmon doiralari delegatsiyasining Andijon viloyatiga tashrifi rejalashtirilgan bo'lib, tashrif doirasida biznes-forum tashkil etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, bugungi kunda Andijon va Toshkent shaharlarida ikki hind universiteti – Sharda va Amitining filiallari faoliyat ko'rsatmoqda.

Shuningdek, uchrashuvda hindiston biznes vakillari iqtisodiyot, transport, energetika, qishloq xo'jaligi, farmatsevtika, AKT kabi sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga katta qiziqish bildirayotgani ta'kidlandi.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunga SMTI to'rtta hind tahlil markazlari bilan hamkorlik qilmoqda. Hindiston mudofaa tadqiqotlari va tahlillari instituti, Hindiston harbiy tadqiqotlar instituti, Xalqaro Vivekananda jamg'armasi va Hindiston tashqi ishlar kengashi shular qatoridandir.