Akademik
Muhabbat Abidova
Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi.
Kimyo-texnologiya sohasidagi taniqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Muhabbat Abidova 2020-yil 17-avgust kuni 89 yoshida vafot etdi.
M. Abidova 1931-yil 10-oktyabrda Toshkent shahrida tugʻildi. 1954-yili Oʻrta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti (hozirgi Umumiy va noorganik kimyo instituti) aspiranturasida tahsil oldi. 1958-yili nomzodlik, 1975-yili doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi koʻp yillik xizmatlari uchun 2000-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
Isteʼdodli olim 60 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo instituti kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti katta ilmiy xodimi, Oʻrta Osiyo yoqilgʻidan foydalanish instituti katta ilmiy xodimi, Oʻrta Osiyo neftni qayta ishlash sanoati ilmiy-tadqiqot instituti sektor rahbari, laboratoriya mudiri, Oʻzbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshdi.
Zahmatkash olimning kimyoviy jarayonlar sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan ilmiy maqolalari, patent va mualliflik guvohnomalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi maʼlum. Uning katalizatorlar tizimi va kimyoviy jarayonlarga oid bir qator ilmiy ishlanmalari sanoat tarmoqlarida samarali qoʻllanib kelinmoqda.
Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
Akademik M.Abidovaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Muhabbat Abidovaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Narbayeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yoʻldoshev