SMTIda AQSh tinchlik instituti ekspertlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Suhbat davomida tomonlar O'zbekistonda ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotining turli sohalarida olib borilayotgan islohotlarni muhokama qildi.
Uchrashuvda amerikalik ekspertlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish yo’lida olib borayotgan sa'y-harakatlarni, xususan, ekstremizmga qarshi kurash, diniy bag'rikenglik va diniy-ma’rifiy ta'limning keng yoyilishini yuqori baholadilar.
AQSh Tinchlik Instituti katta eksperti B.Pajvakning ta'kidlashicha, O'zbekiston tomonidan tashkil etilgan Imom al-Buxoriy xalqaro tadqiqot markazi diniy plyuralizmni targ'ib qilish va radikallashuvning oldini olishda ta’lim berish va izlanishlar olib borishda mavjud salohiyatni yuzaga chiqarish uchun muvaffaqiyatli maydonga aylandi.
Suhbat davomida Afg'onistondagi vaziyatni tinch yo'l bilan hal etish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Ta'kidlandiki, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bilan bir qatorda O'zbekiston afg'on yoshlarini o'qitish borasida juda katta ishlarni olib bormoqda. Hozirda Termiz shahridagi maxsus tashkil etilgan o'quv markazda 100 ga yaqin afg'on yoshlari oliy ma'lumotga ega bo’lib, uylariga qaytdi. Ushbu o'quv maskanida afg'onistonlik yoshlar uchun Evropa Ittifoqi va Xitoy ishtirokida ta'lim dasturlarini yo'lga qo’yish rejalashtirmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar SMTI va AQSh Tinchlik Instituti o'rtasidagi samarali hamkorlikni kelgusida davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.