2018 yil 16 mart kuni O‘zbekiton Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Britan-O‘zbek jamiyati raisi, Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi britan eksperti Shirin Akiner bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi. Britan olimasi e’tiboriga 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar va uning asosiy yo‘nalishlari, hamda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Ostonada bo‘lib o‘tgan IHT sammitida keltirib o‘tilgan tashabbuslari havola etildi.
Sh.Akiner fikricha, O‘zbekistondagi ichki siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o‘z ko‘lami, sur’ati va ijobiy o‘zgarishlari bilan e’tiborni tortadi. Xususan, mutaxassis respublikada fuqarolik jamiyatini qurishda muhim o‘rin tutayotgan va ko‘p yillar davomida aholining ijtimoiy muammolarini yechishda o‘z samarasini ko‘rsatayotgan “mahalla” instituti faoliyatiga yuqori baho berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida ijtimoiy-madaniy va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan intilishlarini ta’kidlab o‘tdilar.