SMTI direktori va Guelf universiteti prezidenti O‘zbekiston-Kanada ilm va ta’lim sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

2025-yilning 11-dekabr kuni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripovning Guelf universiteti prezidenti Rene Van Eker, vitse-prezidenti Shayan Sharif hamda moliyaviy masalalar bo‘yicha prorektor va vitse-prezident Bill Rouzxart bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

1964 yilda Ontario provinsiyasida tashkil etilgan Guelf universiteti biologiya, qishloq xo‘jaligi fanlari, ekologiya, biotexnologiya, veterinariya, oziq-ovqat fanlari, muhandislik va gumanitar fanlar bo‘yicha Kanada va dunyoning yetakchi tadqiqot universitetlaridan biridir.

QS World University Rankings by Subject 2025 ma’lumotlariga ko‘ra, universitet veterinariya fanlari va oziq-ovqat texnologiyasi bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi 50 talikka kiradi, uning ekologiya bo‘yicha tadqiqotlari Times Higher Education reytingida eng yaxshi 150 talikka kiradi.

Uchrashuvda ta’lim, fan, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini barqaror boshqarish sohalarida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari yuzasidan batafsil fikr almashildi. Kanada tomoniga O‘zbekistonning ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish va xalqaro ilmiy-akademik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan strategik islohotlari va ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

SMTI direktori E.Aripov ta’kidlaganidek, "so‘nggi yetti yilda respublikada oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 42 foizga, universitetlar soni 77 tadan 208 taga yetdi. Bugungi kunda Times Higher Education reytingiga ko‘ra, O‘zbekistonning 12 ta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi qatoriga kiradi. Unga ko’ra, xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuqori malakali kadrlar tayyorlash va milliy iqtisodiyotning ilg‘or tarmoqlarini rivojlantirishning asosiy vositasi hisoblanadi.

Rene Van Eker, o‘z navbatida, Guelf universitetining ilmiy va ta’lim imkoniyatlari haqida gapirib, uning rivojlangan infratuzilmasi, kuchli professor-o‘qituvchilar tarkibi va keng hamkorlik tarmog‘ini alohida ta’kidladi. "Universitetimizda 8 ta fakultet, 36 mingga yaqin talaba va 900 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Biz ilmiy-tadqiqot bazamiz va dunyoning 400 dan ortiq tashkilotlari bilan xalqaro aloqalarimiz bilan faxrlanamiz," - dedi u.

Suhbatdoshlar akademik almashinuvlarni amalga oshirish va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Kanada tomoni O‘zbekiston bilan, ayniqsa, agrar fanlar, muhandislik, veterinariya, suv texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar hamda ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida istiqboldagi loyihalarni birgalikda ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.