
2025-yil 17-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi "С5+1" formatidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan muhokamada ishtirok etdi.
Atlantika kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH ekspertlar hamjamiyatining yetakchi vakillarini o’zida jamladi.
Ushbu ekspertlar muloqotining dolzarbligi alohida e’tirof etildi. Bugungi kunda AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar Vashingtondagi tarixiy sammitdan so‘ng nafaqat yangi sur’at oldi, balki rivojlanishning yangi bosqichiga chiqdi.
Uchrashuv ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tahliliy tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar. Ishonchni mustahkamlash va sheriklikni kengaytirishga qaratilgan barqaror ekspert platformalarini shakllantirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokama yakunida, tomonlar C5+1 formati doirasidagi tashabbuslarni amalda joriy etishga ko‘maklashadigan fikr almashish va kelishilgan tavsiyalar ishlab chiqish uchun o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar.