SMTI va Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti o‘rtasida Memorandum imzolandi

15-oktyabr kuni Farg‘ona shahrida Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hujjatda tomonlarni qiziqtirgan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, nashrlar almashish, o‘zaro akademik malaka oshirishlar va qo‘shma tadbirlar tashkil etish nazarda tutilgan. Memorandum SMTI va Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti o‘rtasidagi samarali hamkorlikni boshlash uchun muhim "boshlang‘ich nuqta" bo‘lishi kutilmoqda.

Memorandumni amalda joriy etish maqsadida tomonlar 2026-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Ushbu rejada O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining hozirgi holatini tahlil qilishga hamda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning yangi rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o’zaro aloqalarni saqlab qolishning muhimligini ta’kidladilar va ilmiy hamda ekspertlik hamkorligini yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti, shuningdek, Osiyo mamlakatlari va mintaqalarini o‘rganishga ixtisoslashgan yetakchi ilmiy-tadqiqot markazidir. Institut siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarni kompleks tahlil qilish bilan shug‘ullanadi, mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlikni rivojlantirish masalalarida rossiyalik va xalqaro hamkorlarga ekspert yordamini ko‘rsatadi.