2025-yil 13-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) direktor birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Vengriyaning Dunay instituti (Danube Institute) ijrochi direktori Ishtvan Kish boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Uchrashuvda Danube institutining operatsion bo‘limi rahbari Gregori Dobozi, "Hungarian Conservative" nashrining onlayn talqini bosh muharriri Jofiya Rats hamda ilmiy xodim Ibrohim Mamedov qatnashdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Vengriya tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Ekspert diplomatiyasini mustahkamlash va qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Vengriyalik hamkorlar o‘zbekistonlik hamkasblarini 2025-yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan “Geopolitics Summit” xalqaro konferensiyasida ishtirok etishga taklif etishdi. Ushbu forum doirasida Markaziy Osiyo masalalariga bag‘ishlangan alohida sessiya o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, axborot almashuvini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zbekistonlik mutaxassislarning materiallari Danube instituti homiyligida har oyda nashr etiladigan "Hungarian Conservative" jurnali sahifalarida chop etiladigan bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni mustahkamlash niyatini yana bir bor ta’kidlab, SMTI va Dunay instituti o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning institutsional asoslarini yaratuvchi hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib oldilar.
Danube instituti Vengriyaning yetakchi tahliliy markazi bo‘lib, 2013-yilda Vengriya hukumati va Századvég fondi (yetakchi Vengriya tadqiqot instituti) ko‘magida tashkil etilgan.