Xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankarni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari oliy darajadagi muntazam muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Vazir Jayshankar O‘zbekiston yetakchisiga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlikni, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlikka erishish va ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan mintaqaviy loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi.
Uchrashuvda ikki mamlakat hududlarini faol jalb qilgan holda investitsiyalar, innovatsiyalar, savdo, biznes, logistika, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ekan ta’kidlandi.
Mamlakatlarimiz “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi samarali muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.